Bir g‘azalni sharhida...

Batafsil: Yaratildi: 08.02.2021 14:14 Tahrirlandi: 08.02.2021 14:14 Ko'rishlar soni: 169

080221

“O‘lturur mahramni sulton ganj pinhon aylagach...”

Husni ortar yuzda zulfin anbarafshon aylagach,

Shamʼ ravshanroq bo‘lur torin parishon aylagach.

Yuzni gullardin bezabmu bizni qurbon aylading,

Yo yuzungga tegdi qonlar bizni qurbon aylagach?

Tiyg‘ ila paykonlaring yetti ko‘ngul bo‘lg‘och xarob,

Suv quyub tuxm ekting, ul kishvarni vayron aylagach.

Qon emaskim yopti gulgun hulla jannat xozini,

Ishq maqtulin shahid aylarda uryon aylagach.

Oshkor aylab yuzin ko‘zumni hayron ayladi,

Yoshurun oldi ko‘ngul ko‘zumni hayron aylagach.

Jong‘a qo‘yg‘ach naqdi ishqing qildi ko‘nglumni halok,

O‘lturur mahramni sulton ganj pinhon aylagach.

Ey Navoiy, ishq agar ko‘nglungni majruh etmadi,

Bas nedurkim, qon kelur og‘zingdin afg‘on aylagach?!

NASRIY BAYON:

1. Yuziga anbardek iforli zulfini yoyganda husni yana-da ortadi. Zotan, sham piligi ko‘tarilgach, yana ravshanroq nur taratadi.

2. Sen yuzingni alvon gullardan bezab bizni qurbon etdingmi, yoki bizni qurbon qilganingdan keyin yuzingga qonimiz sachradimi?

3. Ko‘ngil xarob bo‘lgach, tig‘ bilan o‘qlaring yetib, go‘yo bu mamlakatni vayron qilgandan so‘ng suv qo‘yib, ekin ekkanday bo‘lding.

4. Bu qon emas, balki jannat xazinaboni ishq yo‘lida shahid ketganni kafan o‘rniga qizil rangdagi harir ko‘ylak bilan o‘radi.

5. Gulday yuzini ko‘rsatib, ko‘zimni hayron etdi. Ko‘zimni hayratda qoldirib, ko‘nglimni pinhona o‘g‘irladi.

6. Jonimga ishq gavharini qo‘yib, ko‘nglimni halok etding. Sulton xazinasini pinhon aylagach, mahramini halok etadi.

7. Ey Navoiy, agar ishq ko‘nglingni majruh etmagan bo‘lsa, nega fig‘on tortganingda og‘zingdan qon keladi?!

SHARH VA IZOHLAR:

Mazkur g‘azal asosida xalqimiz sevib tinglaydigan mashhur qo‘shiq yaratilgan. Bu tarona Xolxo‘ja To‘xtasinov bastalagan kuy asosida Saodat Qobulova, Munojot Yo‘lchiyeva kabi xonandalarimiz tomonidan ajoyib tarzda ijro etilgan.  G‘azal soddaligi, oson tushunilishi, Hazrat Navoiyning o‘z taʼbiri bilan aytganda, turkona ruhi  bilan maftun qiladi. Diydor lazzatidan hosil bo‘lgan satrlar ruhiyatga ajib farah va xushnudlik bag‘ishlab, tasvirlar go‘zallik va yaxshilik mushohadasidan zavqu shavq baxsh etadi.

Shamning piligi ko‘tarilib, yoyilganda yaxshiroq nur taratgani kabi, yor oyday yuzi uzra zulfini parishon aylaganda husni yana-da ortadi, deyilgan matlaʼda. Baytda go‘zal shoirona tashbih orqali chuqur falsafiy-irfoniy hikmat ham mujassam. Zulf – dunyoga, yuz – ilohiy nur mazhariga o‘xshatilishi haqida aytib o‘tgandik. Tasavvufiy sheʼriyat ahli orasida quyidagi mazmundagi qudsiy hadis ham juda mashhur bo‘lgan.

Alloh buyuradi: Men maxfiy bir xazina edim, so‘ngra o‘zimni oshkor etib tanilishni istadim va  olamlarni yaratdim.  Demak, yuzda zulfni parishon qilish – Alloh o‘z jamolini namoyon etish maqsadida bu olamni yaratgani haqidagi ushbu hadis mazmuniga ham ishora bo‘lishi mumkin. Bu dunyodagi barcha go‘zalliklarning asl sarchashmasi – Mutlaq Jamol va Mutlaq Jalol sohibining O‘zi ham go‘zallikni xush ko‘radi. Hadisi sharifdagi “Alloh go‘zaldir va go‘zallikni yaxshi ko‘radi” hukmiga binoan, mumtoz sheʼriyatimizning qasru ravoqlari ham go‘zallik haqidagi go‘zal so‘zlardan bino bo‘lgan:

Husni ortar yuzda zulfin anbarafshon aylagach,

Shamʼ ravshanroq bo‘lur torin parishon aylagach.

“Nasoyim ul-muhabbat”da keltirilishicha, Fath bin Ali Mavsiliy degan bir avliyo qurbon hayitida ko‘rdikim, xaloyiq qurbonliq qiladur. Dedi: 

–Ilohiy, bilursenki, Sening uchun qurbon qiladigan biror narsam yo‘qdir. Jonimni senga qurbon qilayin, – deb, barmog‘ini bo‘g‘ziga tortdi va yiqildi. Boshiga kelsalar, jon bergandi va bo‘g‘zida yashil xat ko‘rinardi.

Ikkinchi baytda qurbon so‘zini ikki marta keltirish orqali qurbon hayitidagi holatga ishora qilingan. Hayit kuni minglab jonliqlar qurbon keltiriladi. Qassob yuziga sachragan qonlarga parvo qilmasdan, navbatdagi jonliqni so‘yishga chog‘langani kabi, qizil yuzli nigor ham oshiqlarini navbatma-navbat qurbon aylashga tayyor. Yorning diydori ham qurbon hayitidek katta bayram. Farqi shundaki, oshiqlar bunda jonliq emas, o‘z jonini qurbonlikka keltirishadi:

Yuzni gullardin bezabmu bizni qurbon aylading,

Yo yuzungga tegdi qonlar bizni qurbon aylagach?

Uchinchi baytda itoatsiz va isyonkor  o‘lkalarda fotihlar tomonidan qo‘llaniladigan jazo – buzilgan o‘lkaga suv qo‘yib, g‘alla ekish udumi tamsil sifatida keltiriladi. Bu jazo eng bo‘ysunmas va sarkash uluslarga qo‘llanilganini hisobga olsak, yorning oshiq boshiga solgan balo aslida ayni rahmat ekanligi, yaʼni kibru havo va xudbinlikka mubtalo bo‘lgan oshufta ko‘nglini vayronaga aylantirib, o‘rniga mehr-shafqat va muhabbat urug‘ini ekkani oydinlashadi:

Tiyg‘ ila paykonlaring yetti ko‘ngul bo‘lg‘och xarob,

Suv quyub tuxm ekting, ul kishvarni vayron aylagach.

Islom taʼlimotiga ko‘ra, shahidlar yuvilmasdan, kafanlanmasdan, o‘z kiyimlari bilan dafn etiladi. Hadislardan berilgan bashoratlarga ko‘ra, ularga jannat farishtalari qizil rangdagi harir ko‘ylak kiydirib qo‘yishadi. Ishq yo‘lida halok bo‘lgan, yaʼnikim muhabbat tufayli go‘yoki butunlay yangi odam bo‘lib qayta tug‘ilgan kishining ko‘ngli ham jannat ichra sayr qilib yurgan shahidlarning halovatini tuyadi:

Qon emaskim yopti gulgun hulla jannat xozini,

Ishq maqtulin shahid aylarda uryon aylagach.

Beshinchi baytda oshkor va yoshurun so‘zlarining tazodidan foydalangan holda muhabbat butun vujudini qamrab olgani, zohir  ham, botin ham mahbubaning mulkiga aylangani haqida so‘z boradi. Oltinchi baytni izohlash uchun “ganj” so‘ziga alohida izoh berishimizga to‘g‘ri keladi. Ganjning lug‘aviy maʼnosi xazina bo‘lsa-da, aslida boshqalar ko‘zidan yashirin holda tog‘da, daraxt yo devor ostida ko‘milgan boylikka nisbatan qo‘llaniladi. Bu boylikdan kundalik ehtiyoj uchun emas, balki eng zarur paytda foydalaniladi. Shuningdek, mazkur xazinaning joyini faqat bir kishi – sultonning o‘zi bilgan. Xazinani yashirishga ko‘maklashgan sirdosh mahram ham o‘ldirilgan.

Ishq gavhari oshiq jonida yashiringandan keyin ko‘ngilning halok etilishi ana shu udumga ishora qilinadi. Maʼlum bo‘ladiki, muhabbat gavhari, yaʼni imon va eʼtiqodning makoni jonda ekan, buni sultonning o‘zi, yaʼni bu gavharning asl  egasi – Alloh taolo bizga inʼom etgan ekan:

Jong‘a qo‘yg‘ach naqdi ishqing qildi ko‘nglumni halok,

O‘lturur mahramni sulton ganj pinhon aylagach.

Bu ganjni pinhon tutish, yomon ko‘zdan asrash hamisha hammaning qo‘lidan ham kelavermaydi. Ishq shunday dardki, pinhon tutganing sari oshkor etuvchi nishonalari ko‘payaveradi. Ayniqsa, ko‘ngilni o‘z mulkiga aylantirgan muhabbat o‘tli nolalar, qonli ko‘z yoshlarga sabab bo‘ladi. Hatto, Navoiy keltirganidek, fig‘on chekkanda og‘izdan qon kelish ham shunchaki mubolag‘ali tasvir emas, balki ayni haqiqat bo‘lib qolaveradi. Buni ishq dardidan boxabar odamlar juda yaxshi bilishadi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, mazkur g‘azal bilan aytiladigan qo‘shiq uzoq yillardan beri oshiqlar ko‘ngliga malham, sevishganlar uchun yoru hamdam bo‘lib kelmoqda:

Ey Navoiy, ishq agar ko‘nglungni majruh etmadi,

Bas nedurkim, qon kelur og‘zingdin afg‘on aylagach?!

Olim DAVLATOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

Mavzuga oid yangiliklar

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

28.09.2017 08:36 5774

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

28.09.2017 08:41 5313

YOZ-2017 NATIJALARI YAKUNLANDI

28.09.2017 09:52 3305

YOSHLAR BILAN ISHLASH – IFTIXOR VA DARKOR

02.10.2017 09:32 3145

SHAXSIY NAMUNA – ENG YAXSHI NAMUNA

02.10.2017 09:34 2515



KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

Yevropa Sifat tadqiqotlari jamiyati dunyoning ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot va oliy ta’lim muassasalarini xalqaro sifat talablari darajasidagi faoliyati…

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

Biz Navoiy kon-metallurgiya kombinati jahonda o‘ziga xos nufuzga ega ekanligini hamisha faxrlanib gapiramiz. Yaqinda korxona mutaxassislarining konchilik sohasidagi…

Yangiliklarga obuna bo'lish