SHARAFLI MEHNATNING – YUKSAK E’TIROFI

Batafsil: Yaratildi: 23.04.2018 11:01 Tahrirlandi: 23.04.2018 14:17 Ko'rishlar soni: 1876

Xalqimizda “Tani sihatlik – tuman boylik” degan naql bor. Darvoqe, bu juda haq gap. Chunki sog‘lig‘i yaxshi insonning ishida baraka, kayfiyati a’lo bo‘ladi, xonadonidan quvonch arimaydi. Shu boisdan Navoiy kon-metallurgiya kombinatida mehnatkashlarni sog‘lomlashtirish, turli kasalliklarning oldini olish, jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilishga alohida e’tibor berilayapti. Kombinat tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, ularda insonlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar havas qilsa arzigulik darajada. “Ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal” deganlaridek, birgina “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasiga qarashli “Metallurg” profilaktoriysi ahil jamoasining faoliyati bilan tanishar ekansiz, fikrimizga to‘la amin bo‘lasiz...

Profilaktoriy hovlisiga qadam qo‘ygan kishi borki, ko‘kka bo‘y cho‘zgan daraxtlar, davolash va dam olish binolariga olib boradigan yo‘laklar bo‘ylab yangidan o‘tqazilgan va gurkirab o‘sayotgan manzarali ko‘chatlar, anvoyi gullar, butun atrofdagi tozalik va orastalikdan bahri dili ochiladi. Bu erda yo‘llanmangizni rasmiylashtirishdan boshlab, sog‘lig‘ingizni mustahkamlash va dam olishingizga mas’ul barcha xodimlar sizga xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lishadi. Beixtiyor xayolingizdan “shifo maskani kiroyi shunday bo‘lsa”, degan fikr kechadi.

коллаж металлург

“Metallurg” profilaktoriysida 1972 yildan buyon ming-minglab konchilar va metallurglar, energetiklar va geologlar, transportchilar va quruvchilar, kombinat tizimida mehnat qilayotgan boshqa kasb egalari, pensionerlar dam olib, salomatliklarini tiklashmoqdalar. O‘tgan yili profilaktoriyda har birining muddati 14 kunlik bo‘lgan 23 mavsumda 4 ming 620 nafar kishi sog‘lomlashtirildi. Joriy yilning birinchi choragida bu raqam 1 ming 200 nafarni tashkil etayapti. Shifo maskanini kengaytirish, odamlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari har qancha tahsinga munosibdir. 2016 yilda kombinat rahbariyatining tashabbusi bilan qurilishi uzoq vaqt to‘xtatib qo‘yilgan ikki qavatli davolash binosida qurilish ishlari jadal sur’atlarda qayta boshlanib, ijtimoiy ahamiyatga molik bu ob’ekt Mustaqillik bayramining 25 yilligi arafasida foydalanishga topshirildi hamda eng zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari va apparatlari bilan jihozlantirildi. 5 ta kottej va to‘rt qavatli yotoqxona binosi to‘la ta’mirlandi. Xonalarda dam oluvchilar uchun zarur sharoitlar muhayyo etilgan, barcha xonalarda televizor, sovutgichlar bor.

Ayni paytda muhtasham davolash binosining birinchi qavatidan ro‘yxatxona, tanani cho‘zish, kislorodli kokteyl va fitobar, ingalyasiya, gidrokolonoterapiya, ozokerit bilan davolash, suv ostida uqalash, umurtqa pog‘onasini suv ostida gorizontal va vertikal cho‘zish kabinetlari, balchiq bilan davolash zali, ikkinchi qavatida trenajyor, jismoniy tarbiya, elektr yordamida davolash zallari, nur yordamida davolash, lazerli terapiya, uqalash, ruhiy emotsional tinchlantirish, UZI, elektrokardiogramma, muolaja xonalari o‘rin olgan. Sihatgohning yangi binosi ishga tushirilishi bilan tibbiy xizmat ko‘rsatish turlari oshdi. Yana bir quvonarli jihati shundaki, qurilish jarayonida davolash va yotoqxona binolari o‘zaro tutashtirildi. Endilikda dam oluvchilar uchun yotoqxonalaridan to‘g‘ri davolash binosi va undan basseynga o‘tishdek qulaylik yaratildi.

Sanatoriy-profilaktoriy to‘la ta’mirlangach, Fransiya, Rossiya, Polsha, Germaniya davlatlarida ishlab chiqarilgan ultratovushli diagnostik, past chastotali elektroterapiya, universal gidrokolonoterapiya apparatlari, ultratovushli ingalyator, suv ostida gorizontal, vertikal cho‘zish, suv ostida uqqalash vannalari, tibbiy terapevtik trenajyor xarid qilinganligi insonlarni sog‘lomlashtirishda yaxshi samara bermoqda. Profilaktoriyda magniy, ultratovush, nur, diadinamik tok, yuqori chastotali tok, issiqlik, parafin bilan davolash muolajalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuningdek, tuzli, kislorodli, suv ostida umurtqa pog‘onasini gorizontal, vertikal cho‘zish vannalari, tuzli g‘or, sauna, basseyn dam oluvchilarni asab tizimi, nafas yo‘llari, yurak qon-tomir, tayanch-harakat organlari dardidan forig‘ etishga xizmat qilayapti.

2016 yilning avgust oyidan e’tiboran sihatgohda tarkibi inson organizmi uchun zarur elementlarga boy bo‘lgan balchiq bilan davolash muolajasi yo‘lga qo‘yildi. Ana shu maqsadda shifobaxsh balchiq Jizzax viloyatidan tashib keltirilmoqda. Kelgusida kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmalar Kengashi ko‘magida yangi asbob-uskunalar olish mo‘ljallanmoqda.

“Metallurg” davolanish maskanida dam oluvchilar ishtirokida qiziqarli madaniy tadbirlarni o‘tkazish an’ana tusiga kirgan. Mavsum davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinati muzeyi, Qosim Shayx yodgorligi majmuasiga ekskursiya, tarixiy sanalar va milliy bayramlar munosabati bilan teatrlashtirilgan namoyishlar, suzish, shaxmat, shashka, futbol, voleybol bo‘yicha musobaqalar, turli tanlovlar, qo‘shiq va raqs shinavandalari uchun musiqiy kechalar uyushtiriladi. “Farhod” madaniyat saroyi badiiy jamoalari ishtirokida tashkil etiladigan konsert dasturlari dam oluvchilarga ayniqsa manzur bo‘layapti.

Tibbiyot muassasasi hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish borasidagi ibratli ishlarni ta’kidlamaslik adolatdan bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda profilaktoriy hududida mavjud 3 ta favvora qayta rekonstruksiya qilindi. 2018 yil bahor fasli, Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan umumxalq hashari, shanbaliklarda 2 ming tupga yaqin manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Profilaktoriy barcha jihatlari bilan nafaqat viloyatimiz, balki respublikamizda ham namunali davolanish va dam olish muassasalaridan biri desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda bosh vrach D.Ro‘zievning alohida xizmatlari bor. Tajribali vrach, talabchan, jonkuyar rahbar, o‘z ishining fidoyisi Dilmurot Nurmurotovich tibbiyot xodimlari hamda “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasining profilaktoriyga xizmat ko‘rsatish bo‘limlari ishchi-xizmatchilari bilim va imkoniyatlarini yagona maqsad – dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatish saviyasini yanada yaxshilash, sihatgoh binolari va hududi hamisha toza, ko‘rkam bo‘lishi, har bir inson o‘z vazifasini vijdonan bajarishini ta’minlashga yo‘naltira olganligi tufayli shunday yaxshi natijaga erishilayapti. Zero, hamjihatlikda hikmat ko‘p. Dam oluvchilar bilan suhbatlashsangiz, ular shifo maskanidagi sharoitlar va xizmatdan behad minnatdorliklarini izhor etadilar. Bu, vrachlar Xizmat Kazakov, Faxriddin O‘roqov, Gulnoza Sobirova, katta hamshira Shohista Sharipova, xizmat ko‘rsatish uchastkalari boshliqlari Zokir Rahimov, Sadaf Umirzoqova, elektrgazpayvandchi Salohiddin Xudoynazarov, santexnik Faxriddin G‘aniev, bog‘bonlar Doniyor Ro‘ziev, Husen Jo‘raev, Manzura Saidova, xona bekalari Mahbuba Muqimova, Guljahon Sharipova, Nazokat Namozova va boshqa ko‘plab ishchi xodimlar zahmatli mehnatining haqiqiy e’tirofidir. Odamlar salomatligi yo‘lida halol xizmat qilish – yuksak sharaf. “Metallurg” profilaktoriysi jamoasi, hech shubhasiz, shunga munosib tarzda ish olib borayapti.

Nizomiddin SADRIDDINOV.

Dilshod SUVANOV olgan suratlar.

Mavzuga oid yangiliklar

«TISHLARINGIZNI ASRANG VA CHIROYLI JILMAYING...»

01.12.2017 09:21 2306

NAVOIY SABOQLARI

14.02.2018 11:05 2167

RULNI – PROFESSIONALLAR BOSHQARMOQDALAR

01.03.2018 10:19 2478

SHARAFLI KASB EGALARI

16.03.2018 14:22 2214

ASSALOM, NAVRO‘ZI OLAM!

17.03.2018 09:24 2392



KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

Yevropa Sifat tadqiqotlari jamiyati dunyoning ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot va oliy ta’lim muassasalarini xalqaro sifat talablari darajasidagi faoliyati…

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

Biz Navoiy kon-metallurgiya kombinati jahonda o‘ziga xos nufuzga ega ekanligini hamisha faxrlanib gapiramiz. Yaqinda korxona mutaxassislarining konchilik sohasidagi…

Yangiliklarga obuna bo'lish