NAVOIY SABOQLARI

Batafsil: Yaratildi: 14.02.2018 11:05 Tahrirlandi: 10.04.2018 14:53 Ko'rishlar soni: 844

Navoiy asarlari ma’no va mazmunining teranligi, hayotiyligi, asrlar o‘tsa hamki, zamon ruhiga mos kelaverishi bilan kishini hayratga soladi. Shoirning shunday baytlari borki, hayot, tiriklik, inson umri, yashash mohiyati haqidagi katta-katta kitob yozsa bo‘ladigan fikrlarni o‘zida mujasamlashtiradi. Bunday baytlar adabiyotshunoslar tomonidan turlicha izohlanadi: «Shoh baytlar», «fikrlar qaymog‘i», «ibratomuz baytlar», «hikmatomuz baytlar», «haqqoniy baytlar», «asrlar osha eskirmas misralar», «hayotiy hikmatlar», «pandnoma baytlar», «fikrlar qayrog‘i» va hokazo. Ulardan chiqadigan xulosa bitta: haqqoniy, hamma zamonda ham o‘z qimmatini yo‘qotmaydigan, hayot va inson xususidagi o‘ta aqlli fikrlar. Mana shunday baytlar Navoiyning «Xamsa»sida, «Mahbub ul-qulub», she’riy asarlarida ko‘proq kuzatiladi.

alisher-navoiy

Shoirning «Navodir ush-shabob» devonidan olingan­ 10-15 bayt asosida mulohazalarimizni bildiramiz. Bu devon shoirning yigitlik davri mahsuli sifatida qaraladi. Ammo bu qarash nisbiyligi, o‘rta yoshlik va keksalik davri she’rlari ham devondan o‘rin olgani olimlarimiz tomonidan aniqlangan. «Xazoyin ul-maoniy»ning barcha devonlarida bo‘lgani kabi, bu devonning ham asosiy janri g‘azaldir. Ularda ilohiy, dunyoviy ishq, diniy-tasavvufiy, falsafiy, odob-axloq mavzulari keng yoritilgan. Ana shu mavzular singdirilgan g‘azallarning ayrim baytlarida shoir yuqoridagi ruhdagi fikrlarni qistirib o‘tadi. Hayotiy tajriba va xulosalarini bayon etadi.

Ma’lumki, insonga yaxshilik ham, yomonlik ham tilidan keladi. U bilan ko‘p foydali ishlar amalga oshadi yoki inson boshiga kulfatlar yog‘iladi. Shu sabab xalqimiz «Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz», «Qizil til qora boshning dushmani», «Insonning boshiga balo tilidan keladi», «Yaxshi so‘z bilan ilon inidan chiqadi», «Yaxshi so‘z – jon ozig‘i, yomon so‘z – bosh qozig‘i», «Tilidan bol tomadi», «Tili zahar» kabi jumlalarni ko‘p ishlatadi.

Yusuf  Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarida til, uning foyda va zararlari haqida ko‘p yozilgan. Navoiy asarlarida ham bu mavzuga alohida e’tibor qaratilgan. «Navodir ush-shabob»dagi mana bu bayt bu boradagi fikrlarning eng yuksak ifodasi:

Kimki ko‘nglin istamas g‘amgin tilini asradeg

Kim, tilin tiyg‘an kishining ko‘nglida ozor emas. (N.SH.168-bet).

Yuqorida ta’kidlanganidek, barcha ko‘rguliklarning kaliti – til. Odamzod qalbiga shodlik, xushkayfiyat,­ ruhiy ko‘tarinkilik yaxshi muomala, shirin gapu qu­vonchli xabar sabab uyg‘onadi. Aksincha, ko‘ngil g‘amu ozorlari ham til bois hosil bo‘ladi.

Navoiy talqinicha, kimki ko‘ngli g‘ussayu notinchlikka tushishini istamasa, tiliga ehtiyot bo‘lsin. Tilini tiygan, bo‘lar-bo‘lmas, yolg‘on-yashiq gaplardan yiroq kishining ko‘ngliga ozor etmaydi. Bu – haq gap. Hamma davrlarda ham o‘z ahamiyatini saqlab qoladigan fikr.

Insonning boshiga cheksiz tashvish keltiradigan narsa qanoatsizlik. Boriga shukr qilmay, o‘zini o‘tga, cho‘g‘ga urib, halolu nohalol yo‘l bilan boylik to‘plashga urinish – oxiri afsus, oqibati nadomat. Bu – hayotda ko‘p kuzatilgan, inson umri bilan hamohang kechadigan jarayon.

Xalqimiz bu hodisalarga ham munosabat bildirgan: «Ko‘zi och», «Ko‘zi to‘ymas», «Eb to‘ymas», «Yuho», «Daryoni simiradigan» va hokazo. Bunga qarshi mulohazalar ham bayon qilinadi: «Bir parcha non bilan qorin to‘yadi», «Qotgan nonu sovuq suv bo‘lsa bas», «Yarimta non – rohati jon» va boshqalar. «Navodir ush-shabob»dagi mana bu bayt mazmuni shu ruhda:

Bo‘lma kun qursin tilab aflokdek sargashtakim,

Bir fatiri xom ila oson o‘tar har kun maosh. (N.SH. 187-bet).

Mumtoz adabiyotda «aflokdek sargashta» degan tushuncha bor. Bu – falakning aylanishiga ishora. Tinib-tinchimas, qorinu boylik ilinjida hech narsadan qaytmaydigan kimsalarning holati unga qiyoslanmoqda. SHoir fikricha, bu harakat ma’qul emas. Chunki bir kunlik tirikchilik bir xom patir bilan ham o‘tadi. «Xom fatir» – qanoat, halol mehnat bilan o‘tadigan umr ramzi. Bunday kishi uchun hayot tashvishlari oson kechadi. Mana shu fikrlar mazmuni mazkur misralarda o‘z ifodasini topgan:

Mayli dunyoki, solur kimsani tinmaslikka,

Tinibon ko‘ngli aning kimki, ko‘nguldin chiqarib. (N.SH. 47-bet).

Dunyo mayli, boylik, mol-davlatga hirslik kishini tashvishga soladi. Uni tinib-tinchimaslikka undaydi. SHu sabab u o‘zini turli ko‘yga soladi: to‘g‘ri-noto‘g‘ri, halol-nohalol, rost-yolg‘on, toza-notoza yo‘lga boshlaydi. Bunday besaranjomlikdan qutilishning yo‘li bitta: ana shu tamani ko‘ngildan chiqarish.

Inson umri davrlar asosida talqin etiladi. Umrning bahori, yozi, kuz va qishi bo‘ladi. Davrlar asosidagi qaydi ham bor: yoshlik, yigitlik, o‘rta yoshlik, keksalik. Har bir davrni asoslovchi, hayotdagi ma’lum narsalarga qiyoslanuvchi o‘xshatishlari ham mavjud. Navoiy keksalik, uning belgilari haqida ko‘p yozgan. «Navodir ush-shabob»da keksalik, umrning poyoni yaqinlashganini ko‘rsatuvchi bayt uchraydi:

Tishlarimdin iki dandonaki charx ayladi kam,

Raxnalar bo‘ldi ajal kirgali jon chiqqali ham. (N.SH.305-bet).

Sochning oqarishi, belning bukchayishi, ko‘z xiraligiyu vujud titrog‘i – keksalik alomatlari. Uning yana bir belgisi – tish tushishi. Keksalikda tushgan tishning o‘rni qayta to‘lmaydi. Bu – hayot qonuni. Navoiy izohicha, ikki dona tishning tushishi – ajal kirishi va jon chiqishi uchun ochilgan yo‘l.

Hayot bor ekan, inson yashar ekan, uning do‘sti ham, dushmani ham bo‘ladi. Shoir aytganidek, mevaga po‘st bo‘lur, mag‘z ham, kishiga do‘st bo‘lur, dushman ham. Senga kim dushmanligini bilsang, u bilan kurashish, qarshi turish oson. Ehtiyotlik bilan harakat qilasan. Ammo yashirin dushmandan Olloh saqlasin. Uning qachon, qay vaqtda zarba berishi noaniq. Navoiy hazratlari yozganlaridek, uning xavfi ko‘proq:

Og‘zi jon qasdi qilur, jong‘a tavahhum yo‘q ajab,

Xavfi ko‘proqdur aning kim, maxfiy o‘lsa dushmani.(N.SH.426-bet).

Navoiy g‘azallarida ishq, oshiq, ma’shuqa va boshqa mavzularda yozsa ham, hayotiy hikmatlarini u yoki bu shaklda bildirib o‘tadi. SHoirning bu pandlari, xulosalari ko‘proq baytning ikkinchi misrasida keltiriladi. Birinchi misradagi fikrini asoslash, tasdiqlash uchun ikkinchi qatorda qat’iy hukm bildiradi. Shoir devonida quyidagi hayotiy haqiqatlar uchraydi: «Kishi farzandi qachon kimsaga farzand o‘lmish?» (186-bet), «Ilm bahs aylar zamon rahmat bo‘lur nozil» (272-bet), «Har nekim yo‘qtur, erur topmaq muhol» (277-bet), «Vafo ahliga kim ozor etkazsa, ziyon ko‘rmasa, foyda ham qilmaydi» (301-bet), «Bo‘ldi o‘z nodonlig‘imni anglamoq donolig‘im» (315-bet), «El netib topqay menikim men o‘zumni topmanom» (359-bet), «SHod bo‘lma bud ila, g‘am ham ema nobud ila» (391-bet), «Yordin yaxshi emas aylamagi yor gila» (396-bet), «Men edim sening kebi, men yanglig‘ o‘lg‘ung sen dog‘i» (427-bet), «Mizbon zohid xush ermas, bo‘lsa mehmon ichkuchi» (476-bet) va hokazo.

Umuman, bu mazmundagi misralar shoir qarashlari, hayotiy kuzatishlari va tajribalari mahsuli ekanligi bilan hamma davrda ham e’tiborlidir.

Tohir XO‘JAEV,

NavDPI o‘zbek adabiyoti kafedrasining dotsenti.

Mavzuga oid yangiliklar

SOVRINDORLARGA MEDALLAR TOPSHIRILDI

15.09.2017 06:16 1730

YANGI OB'YEKTLAR ISHGA TUSHDI

27.09.2017 08:44 1609

ZAVODDA AN’ANALAR QADRLANADI

02.10.2017 09:37 1475

HAR BIR MUHANDIS VA ISHCHI – IXTIROCHI

13.11.2017 13:28 1162

YANGI AVTOTRANSPORT VOSITALARI — YANGI IMKONIYATLAR KAFOLATI

14.11.2017 09:35 1363



KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

Yevropa Sifat tadqiqotlari jamiyati dunyoning ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot va oliy ta’lim muassasalarini xalqaro sifat talablari darajasidagi faoliyati…

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

Biz Navoiy kon-metallurgiya kombinati jahonda o‘ziga xos nufuzga ega ekanligini hamisha faxrlanib gapiramiz. Yaqinda korxona mutaxassislarining konchilik sohasidagi…

Yangiliklarga obuna bo'lish