ISTIQBOLLI KORXONA

Batafsil: Yaratildi: 15.02.2019 14:00 Tahrirlandi: 15.02.2019 14:00 Ko'rishlar soni: 260

Markaziy ta’mirlash-mexanika sexi nafaqat Markaziy kon boshqarmasi, balki Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ham ilg‘or bo‘linmalaridan biridir. Sex jahonda eng yirik oltin saralash majmuasi hisoblangan  Markaziy kon boshqarmasi bilan bir paytda tashkil topgan. “Muruntov” koni qurilishi boshlanishi bilan ta’mirlash bazasiga ehtiyoj seziladi va kombinat rahbariyati Navoiy remont-mexanika zavodining filiali sifatida Markaziy ta’mirlash-mexanika ustaxonasini barpo etish haqida qaror qabul qiladi. Sexda kon boshqarmasi bo‘linmalari uchun zarur detallar, ehtiyoj qismlar ishlab chiqariladi va ta’mirlanadi.

DSC_0402

O‘tgan ellik yildan ortiq davrda zamonaviy yangi uchastkalar foydalanishga topshirilishi hisobidan ishlab chiqarish hajmi oshdi, mahsulot turlari ko‘paydi. 1972 yilda metallkonstruksiyalar tayyorlash va texnologik asbob-uskunalarni ta’mirlash, oradan ikki yil o‘tgach esa himoya qoplamalari uchastkasi tashkil etildi. Aynan o‘sha davrda elektr dvigatellari statorlarini kuydirish pechi hamda ularni to‘yintirish va quritish kamerasi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Elektr dvigatellarni ta’mirlash uchastkasi loyiha quvvati darajasida ishlay boshladi. Detallarga issiqlik yordamida ishlov berish uchastkasi, kislorod va atsitilen stansiyalari, ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-montaj uchastkasi ishga tushirilib, temirchilik pechlari pech yoqilg‘isidan tabiiy gazga o‘tkazilgach, sexning ishlab chiqarish imkoniyatlari yanada kengaydi, mehnat sharoiti va bajarilayotgan ishlar sifati yaxshilandi. 2016 yilda zamonaviy termik pechlar, quvvati 200 kilovatt bo‘lgan yuqori kuchlanishli tok qurilmasining foydalanishga topshirilishi tufayli elektr energiyasi sarfini keskin kamaytirishga erishilmoqda. Bugungi kunda sexda Markaziy kon boshqarmasi, shuningdek, zaruriyat tug‘ilganda buyurtma asosida SHimoliy kon boshqarmasi va Zarafshon qurilish boshqarmasi bo‘linmalariga ko‘plab turdagi buyumlar tayyorlab berilayapti. Dasturlashtirilgan tokarlik stanoklari va boshqa zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlantirilgan bu korxonada 440 nafar turli kasb egalari mehnat qilishayapti. Ishchi-xodimlar va mutaxassislarning yuqori malakaga ega ekanligi tufayli har oyda 700 turdan ortiq sifatli detallar, butlovchi qismlar ishlab chiqarilayapti, katta hajmda ta’mirlash-sozlash ishlari bajarilayapti.

DSC_0431

Sexning eng katta bo‘linmasi hisoblangan yig‘uv uchastkasida metallarni kesib, sovuq ishlov beriladi, texnologik nasoslar ta’mirlanadi, turli mexanik qismlar yig‘iladi. So‘nggi yillarda uchastkaning texnik bazasi tokarlik, universal, dasturiy boshqaruvli modernizatsiyalashtirilgan zamonaviy stanoklar hisobiga mustahkamlandi. Nostandart asbob-uskunalar uchastkasi sex faoliyatida alohida o‘ringa ega. 2-gidrometallurgiya zavodida ishlatiladigan 2KSP-24 klassifikatorining spirallari, “Muruntov” koni ekskavatorlari cho‘michlari, Oltinni uyumda ishqorlash sexi koni konveyerlarini ta’mirlash, texnologik nasoslar val va korpuslarini eritib to‘ldirish ahil jamoaning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Bundan tashqari uchastkada elektr uzatish liniyalarining ko‘chma tayanchlari, 2-gidrometallurgiya zavodi zumpflari, turli gabaritli metall buyumlar uchun metallkonstruksiyalar, yuk qamrovchi moslama va idishlar, shtamplash tagligi va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi.

DSC_0471

Ishchi-xizmatchilari va mutaxassislarining soni unchalik ko‘p bo‘lmagan elektr ta’mirlash uchastkasi mehnat ahli elektr dvigatellari, kichik quvvatli transformatorlar, elektr jihozlari uchun butlovchilarni sozlash bilan bog‘liq juda muhim ishlarni muddatida va sifatli bajarib kelayapti. Temir-presslash uchastkasi jamoasi bolg‘alash va kesish yo‘li bilan ishlab chiqarishni yarim fabrikatlar bilan ta’minlash, asbob-uskunalar, shtamplar, press-formalar tayyorlash, rezina-texnik buyumlar ishlab chiqarish va buyumlarni bo‘yash ishlari bilan shug‘ullanadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Zarafshon sanoat hududida foydalanishga topshirilgan barcha ob’ektlarda Markaziy ta’mirlash-mexanika sexi ishchi-xizmatchilari, muhandis-texnik xodimlarning munosib hissalari bor. Jamoa 2-gidrometallurgiya zavodi, “Muruntov” koni, Temir yo‘l transporti boshqarmasi, Avtomobil transporti boshqarmasi, Oltinni uyumda ishqorlash sexi koni, “Muruntov” shaxtasi, “Auminzo-Amantoy” koni, 7, 9-avtokorxonalar va boshqa bo‘linmalarning texnologik asbob-uskunalarini ta’mirlash bo‘yicha ulkan ishlarni ro‘yobga chiqarmoqda. Mahalliylashtirish dasturi ijrosini ta’minlash doirasida mahsulotning yangi turlari o‘zlashtirilmoqda, xorijda ishlab chiqarilgan texnika vositalari uchun ehtiyot qismlar, detallar bevosita mazkur sexda tayyorlanayapti. Ayni paytda “Bessopan” sanoat maydonida istiqbolli investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda va yaqin kelgusida bu jarayon yanada zalvorli ko‘lamga ega bo‘ladi. Ishlab chiqarish ehtiyoji mazkur sexni ham kengaytirishni taqozo etmoqda. SHu maqsadda korxona bazasida yiliga 20 ming tonna quyma mahsulot ishlab chiqariladigan quyuv sexi qurilishini loyihalashtirish ishlari boshlab yuborildi. Demak, Markaziy ta’mirlash-mexanika sexi zamonaviy zavodga aylanadi.

DSC_0461

Darvoqe, peshqadam jamoa 2018 yilni quvonchli yutuqlar bilan yakunladi. Korxonada yillik reja 25 dekabrda sharaf bilan ado etilib, qo‘shimcha ravishda 2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Joriy yilning yanvar oyi rejasi ham oshirib uddalandi. Qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarda yig‘uv bo‘limi boshlig‘i Oybek Qurbonnazarov, elektr ta’mirlash bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Ochilov, nostandart asbob-uskunalarni yig‘ish uchastkasi boshlig‘i Zavqiddin Aslonov, bosh muhandis Rifkat Axmedov, sex boshlig‘ining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Tursunov, ishlab chiqarish texnik byuro boshlig‘i SHuhrat Rahimov, muhandislari Ramil Sharapov, Laziz Odilov, moddiy-ta’minot bo‘limi boshlig‘i Sherbek Rayimov, tokarlar Alisher Bozorov, A’zam Rajabov, chilangar-sozlovchi Eldor Salaxaev, elektr­gazpayvandchi Atabek Buranbaev, temirchi Albert Bayarov, mexanik Jamoliddin Salimovlar fidoyilik namunasini ko‘rsatmoqdalar.

Nizomiddin SADRIDDINOV.

Viktor YAKOVLEV olgan suratlar.

Mavzuga oid yangiliklar

QUTLUG‘ YO‘LDA YO‘LBOSHCHINGGA YELKADOSH BO‘L

13.09.2017 10:41 1825

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

28.09.2017 08:36 1657

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

28.09.2017 08:41 1596

YOZ-2017 NATIJALARI YAKUNLANDI

28.09.2017 09:52 1260

YOSHLAR BILAN ISHLASH – IFTIXOR VA DARKOR

02.10.2017 09:32 1183