“XAMSA”DA ILM-FAN MASALASI

Batafsil: Yaratildi: 04.02.2019 14:24 Tahrirlandi: 04.02.2019 14:25 Ko'rishlar soni: 104

Ulug‘ bobomiz hazrat Alisher Navoiy yashagan davr ilm-fan, texnika rivojlanmagan zamonlar bo‘lgan. Lekin “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor”, ayniqsa “Saddi Iskandariy” dostonida ilm-fan, hatto texnikaga doir bir qancha tasvirlarga duch kelamiz.

navoiy_1

“Sab’ai sayyor” dostonining XXIII bobida Bahrom yakshanba kuni zarnigor qasrda rumlik musofir usta zargar Zayd Zahhob haqidagi hikoyani tinglagani bayon etilgan. Zayd Zahhob – Rum shohi saroyining zargari. U tengsiz olim hamda oltin saralovchi muhandis, tabib, qisqasi, mohir hunar egasi bo‘lgan. Ammo ko‘p beg‘am odam edi. Zayd Zahhob shohga (avtomatik) o‘zi harakatlanadigan taxt yasab beradi. Taxtning zinalari ham tepaga yoki pastga harakatlanadi.

Navoiy asarlarida ismlar faqat qahramonlarni tanishtiruvchi, yaxshi, yomonligini anglatuvchi ismgina emas, balki voqelikni o‘zida mujassamlashtirgan, qahramonning kelajak taqdiriga ishora qilgan kabi ma’nolarni o‘zida aks ettirgan. Xususan, asar nomi – “Sabbai sayyor” (”Etti sayyora”) va ba’zi qahramonlar nomi osmon jismlari nomi bilan bog‘liq. Navoiy hazratlari bu nomlarning xususiyatlarini ochib berish asnosida albatta osmon jismlari haqida, umuman olganda astronomiya ilmidan qaysidir darajada xabardor ekanligini ko‘rish mumkin.

“Farhod va Shirin” dostonining XXIV bobida Farhodning Suqrot tog‘i tilsimini ochishi bayon etilgan. Iskandar qancha mashaqqatlar bilan dunyoni olib topgan boyliklarini Suqrot tog‘idagi qal’aga tilsimlagan edi. Xizr Farhodga shu tilsimni ochish sinoatlarini o‘rgatadi. O‘sha qo‘rg‘on-qal’a darvozasi qanday ochilishi dostonda shunday bayon etilgan:

Bo‘lur bir darvoza ichra oshkoro,

Temur jismiki qilmish paykaroro.

Erur odamga monandu mushobih,

Iligida temurdin yo qilib zih.

 

(Darvoza ichida temirdan qilingan bir haykal ko‘rinadi. Haykal xuddi odamga o‘xshash bo‘lib, qo‘lida temirdan yoy—kamalagi bor edi.)

Aning ko‘ksida bir oina bog‘liq,

Safo ichra quyosh ko‘zgusi chog‘liq.

(Uning ko‘ksida yorug‘ligi quyosh ko‘zgusiday porloq oyna osig‘liq turadi.)

Farhod Xizr aytganday qilib, darvoza oldidagi tosh ustiga chiqib, qattiq tepadi, qal’a ichidan takror-takror beo‘xshov ovozlar chiqadi. Keyin o‘pchinliq (sovut kiygan) haykal kamoniga o‘q tortib chiqib keladi. Bu haykal bilan barobar qal’a tepasidagi yuzta haykal ham chiqib keladi. Hammasi sovut kiygan, qo‘llarida o‘q-yoy bor edi. Farhod oynaga qarab kamonidan o‘q uzadi. Farhodning otgan o‘qi tegishi bilan o‘q otuvchi temir haykal yiqilib tushadi. Bu yiqilgach, kamon tortib turgan boshqa yuzta haykal ham er bilan yakson bo‘ladi. Tasvirlarga e’tibor bersangiz odamga o‘xshash temir haykallar robotlarga o‘xshaydi.

Qal’a ichida Iskandarning hisobsiz boyliklari yashirilgan edi. Albatta bu darajadagi boylikni saqlash uchun kuchli muhofaza kerak. Bunday muhofaza mustahkam istehkom va kuchli himoyani talab qiladi. Mustahkam istehkom va kuchli himoyani yaratish, barpo etish har qanday zamonda ham kuchli ilm va malakani talab qilgan. 

Suqrot tog‘i tilsimini Iskandar nomi bilan bog‘liqligi behikmat emas. “Xamsa” dostonlari ichida “Saddi Iskandariy” dostonida ilm-fan masalalari ko‘p yoritilgan.

Iskandarning oliy maqom tarbiya ko‘rgani, donishmandlardan ilm olgani, olim va faylasuflar davrasida bo‘lishi uning buyukligi va qudratining asosi ekanligini Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida bot-bot takrorlagan.

— Dunyoning hamma ilm-hikmatini bilgan, fan bobida har qaysisi bir jahon bo‘lgan besh yuz olim Iskandar bilan doim hamroh edilar ,-deb yozadi Navoiy. Bu ham Iskandarning qudratiga qudrat qo‘shgan:

Bilikdin erur har biri  bir jahon,

Jahon hikmati har birida nihon.

“Saddi Iskanadariy dostonining XXXV bobida Iskandarning  Kashmirga borgani hikoya qilingan. Kashmiriylar bir qal’a ichiga yashirinib olishadi, ikki mingta sehrsoz ustaning maqsadi qal’aga biror kimsa yaqin kelmasligini kuzatib turish edi. Agar u tomonga odam yoki ot yursa, oyog‘ida kuch-mador qolmas edi. Hamma bu holdan hayron. Donishmand olimlar: “Bunga yuz barobar nayrang bo‘lsa ham, ilm-hikmat bilan barbod qilib tashlaymiz”, -deydilar va simob, qalay, mis aralashmasidan katta koptokka o‘xshagan qurol yasaganlari dostonda yoritilgan.

Mallu Iskandar oldida o‘zini qanday zaif sezsa, ilm-fan oldida sehr-joduning puch ekanini his qildi:

Hakim olida hech jodu so‘zi,

Nechukkim Iskandar qoshida o‘zi.

Dostonning XXXIX bobida Malluning el bilan o‘tni yashirgani bayon etilgan. Aflotun va Iskandar ilmu-hikmat va tadbirkorlik bilan bu tilsimni ochishadi. Olimlar Iskandarning talabi bilan quyosh va yulduzlarning yuksakligini o‘lchaydigan usturlob asbobini va jahonning hamma erini ko‘rsatib turuvchi oyna ixtiro qiladilar.

Bunday g‘ayritabiiy yoki fantastik tasvirlar ijodkordan fan-texnika sohasidan alloma darajasida xabardor bo‘lishini talab etadi. Zero, bu daho Navoiyning yana bir qirrasidir.

Ilm-fan hamma zamonlarda qadrlangan, olimlar buyuk shaxslar qatorida ulug‘langan, hatto ba’zi olimlarning buyuk ishlari asrlar osha avlodlar tomonidan e’tirof etilaveradi. Biz bunga mamlakatimizda bugungi kunda ilm-fan ahliga bo‘lgan e’tibor va hurmatni ko‘rib yana bir karra amin bo‘lamiz.

Surayyo MUQIMOVA,

Navoiy davlat pedagogika instituti

O‘zbek tili kafedrasi o‘qituvchisi.

Mavzuga oid yangiliklar

SOVRINDORLARGA MEDALLAR TOPSHIRILDI

15.09.2017 06:16 1239

YANGI OB'YEKTLAR ISHGA TUSHDI

27.09.2017 08:44 1161

ZAVODDA AN’ANALAR QADRLANADI

02.10.2017 09:37 1042

HAR BIR MUHANDIS VA ISHCHI – IXTIROCHI

13.11.2017 13:28 864

YANGI AVTOTRANSPORT VOSITALARI — YANGI IMKONIYATLAR KAFOLATI

14.11.2017 09:35 950