O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Batafsil: Yaratildi: 28.01.2019 15:32 Tahrirlandi: 13.02.2019 19:54 Ko'rishlar soni: 621

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
 
герб_1 

Kon-metallurgiya tarmog‘i korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Respublikada tog‘-kon va qayta ishlash korxonalari quvvatlarini oshirish maqsadida mineral-xom ashyo bazasidan foydalanish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, investitsiyalarni faol jalb etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalari — «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK (keyingi o‘rinlarda — «Navoiy KMK» DK), «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ (keyingi o‘rinlarda — «Olmaliq KMK» AJ) va «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» AJda strategik turdagi mahsulotlar, jumladan oltin, kumush, mis, rux va po‘lat prokati kabi mahsulotlar, shuningdek 20 dan ortiq turdagi boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

So‘nggi ikki yil davomida kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalarini jadal rivojlantirish, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan uzoq muddatli dasturlar qabul qilindi. 2026 yilgacha «Navoiy KMK» DKda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 30 foizga, «Olmaliq KMK» AJga 2,9 mlrd. AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb etish va 2023 yilgacha mis ishlab chiqarish hajmini 28 foizga, rux ishlab chiqarish hajmini 75 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

SHu bilan birga, kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalaridagi mavjud boshqaruv tuzilmasi, foydali qazilmalar zaxiralarining hisobini yuritish va baholash uslublari, moliyaviy hisobotlarning eskirgan shakllari ishlab chiqarishning o‘sishiga va investitsiyaviy jozibadorlikning oshishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalari raqobatbardoshligini oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish maqsadida investitsiyalarni jalb etishga qo‘shimcha sharoitlar yaratish, shuningdek 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

  1. Belgilansinki, kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalari:
  2. a) 2019 yil yakunidan boshlab:

moliyaviy hisobotlarni majburiy tartibda moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida tuzadi va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb etgan holda mustaqil tashqi auditni o‘tkazadi;

aktivlarni sotish rentabelligi, aktiv va majburiyatlarning aylanishi, shuningdek xalqaro fond birjalari va moliya institutlari talablariga asosan belgilanadigan boshqa ko‘rsatkichlar darajasi bo‘yicha minimal talablarni amaliyotga joriy qiladi;

  1. b) 2020 yil yakunidan boshlab:

Hisob va hisobot bo‘yicha xalqaro standartlar (ISAR) prinsiplari va talablari asosida korporativ oshkoralikni tatbiq etadi;

Global tashabbuskorlik hisobotiga (GRI) muvofiq hisobotlarni, shu jumladan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalar bo‘yicha chop etadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining uran qazib chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha davlat korxonasini hamda qimmatbaho metallar qazib chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha aksiyadorlik jamiyati shaklidagi korxonani tashkil etish orqali «Navoiy KMK» DKni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
  2. Kon-metallurgiya tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Quyidagilar Respublika komissiyasining (A.N. Aripov) asosiy vazifalari etib belgilansin:

  1. a) 2019 yil 1 martga qadar «Navoiy KMK» DKni qayta tashkil etish va korporativ boshqarishning zamonaviy usullarini tatbiq etish, shuningdek mazkur qarorda nazarda tutilgan talablarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash;
  2. b) kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirishning uzoq muddatli dasturlarini jadal amalga oshirish bo‘yicha vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  3. v) 2019 yil 1 mayga qadar kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalariga berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish va unifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  4. g) 2019 yil 1 iyulga qadar xalqaro moliya institutlari va konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda quyidagilarning aksiyalarini mahalliy va xalqaro fond bozorlarida ommaviy ravishda birlamchi va ikkilamchi joylashtirish orqali investorlarni jalb etishni nazarda tutuvchi Kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalarini isloh qilish va rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish:

«O‘zbekiston metallurgiya kombinati» AJ — 2022 yilda;

«Olmaliq KMK» AJ — 2023 yilda;

aksiyadorlik jamiyati etib qayta tashkil etiladigan «Navoiy KMK» DK — 2023 yilda;

  1. d) 2019 yil 1 dekabrga qadar «Navoiy KMK» DKni qayta tashkil etish bilan bog‘liq jarayonlarni yakunlash hamda yangi tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushini professional boshqaruv kompaniyalariga tanlov asosida ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha taklif kiritish.

Respublika komissiyasi a’zolariga mazkur qarorda belgilangan tadbirlarning samarali bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

  1. «Navoiy KMK» DK Kuzatuv kengashi:
  2. a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) bilan birgalikda:

bir oy muddatda xalqaro maslahatchi va ekspertlarni jalb etgan holda «Navoiy KMK» DK mulklarini inventarizatsiya qilish bo‘yicha komissiya va «Navoiy KMK» DK tizimiga kiruvchi alohida tarkibiy bo‘linmalar bo‘yicha ishchi guruhlarni shakllantirsin, ularning vazifalari sifatida «Navoiy KMK» DKning barcha aktiv va majburiyatlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, shuningdek «Navoiy KMK» DK Kuzatuv kengashiga va Agentlikka 2019 yil 1 mayga qadar muddatda ishchi guruhlarning oraliq hisobotlarini hamda 2019 yil 1 iyulga qadar ishchi guruhlar va komissiyaning yakuniy hisobotini taqdim etishni belgilasin;

inventarizatsiya yakunlari bo‘yicha ikki oy muddatda xalqaro amaliyotda umume’tirof etilgan uslublar asosida «Navoiy KMK» DKning ishlab chiqarish va boshqa aktivlari qiymatini baholash, shuningdek «Navoiy KMK» DK mehnat jamoasi yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilishini va ularga xizmat ko‘rsatilishini ta’minlagan holda ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etmaydigan infratuzilma, ijtimoiy va boshqa ixtisoslashmagan ob’ektlarni xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga sotish va ixtisoslashgan davlat tashkilotlariga topshirish orqali ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar kiritsin;

  1. b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 martga qadar xalqaro maslahatchi va ekspertlarni jalb qilgan holda «Navoiy KMK» DKning balansida bo‘lgan va zaxiralari Qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisoboti Avstraliya kodeksi (JORC Code) standartlariga muvofiq qayta baholanadigan konlar ro‘yxatini tasdiqlasin;
  2. v) 2019 yil 1 mayga qadar «Navoiy KMK» DKning Kuzatuv kengashi tarkibiga etarli tajriba va malakaga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda kon-metallurgiya tarmog‘i yirik korxonalarining rejim-maxfiy bo‘limlari xodimlarining shtat birliklarini optimallashtirishni nazarda tutuvchi ishlab chiqariladigan va sotiladigan oltin hajmlari ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq maxfiylik rejimini bekor qilish choralarini ko‘rsin.
  4. Belgilansinki, kon-metallurgiya tarmog‘i yirik korxonalarining oddiy aksiyalari bo‘yicha dividendlarni hisoblash Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan miqdorlarda har chorakda amalga oshiriladi.
  5. Agentlik:
  6. a) zarur bo‘lganda, mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, kon-metallurgiya sohasidagi yirik korxonalarning davlat ulushini ishonchli boshqarish bo‘yicha investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar bilan avval tuzilgan shartnomalarning qayta ko‘rib chiqilishini hamda qayta rasmiylashtirilishini ta’minlasin;
  7. b) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga portlovchi moddalarni hamda ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va asbob-uskunalarni ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadigan davlat korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni;

2019 yil 30 avgustga qadar xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasini kiritsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.SH. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOEV

Toshkent sh., 2019 yil 17 yanvar, PQ-4124-son

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PQ-4124-son qaroriga
ILOVA

Kon-metallurgiya tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha Respublika komissiyasi

TARKIBI

 

A.N. Aripov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Komissiya raisi

J.A. Qo‘chqorov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri, Komissiya raisining o‘rinbosari

B.M. Mavlonov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari

G.K. Saidova

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari

B.A. Xodjaev

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri

B.F. Islamov

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi

B.A. Musaev

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi

A.X. Abdullaev

O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi

M.Sh. Istamov

O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari

N.S. Jo‘raev

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori

Sh.A. Vafaev

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijro etuvchi direktori

K.S. Sanakulov

«Navoiy KMK» DK bosh direktori

A. Xursanov

«Olmaliq KMK» AJ boshqaruvi raisi

T.T. Azamatov

«O‘zmetkombinat» AJ boshqaruvi raisi v.b.

B.B. Sidikov

Vazirlar Mahkamasi axborot-tahlil departamenti mudiri, Komissiya mas’ul kotibi

Izoh. Respublika komissiyasi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.01.2019 y., 07/19/4124/2499-son)

 

Mavzuga oid yangiliklar

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

28.09.2017 08:36 2287

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

28.09.2017 08:41 2277

YOZ-2017 NATIJALARI YAKUNLANDI

28.09.2017 09:52 1792

YOSHLAR BILAN ISHLASH – IFTIXOR VA DARKOR

02.10.2017 09:32 1655

SHAXSIY NAMUNA – ENG YAXSHI NAMUNA

02.10.2017 09:34 1086