YUTUQLAR YANADA KO‘PAYADI

Batafsil: Yaratildi: 01.11.2018 14:52 Tahrirlandi: 01.11.2018 15:00 Ko'rishlar soni: 628

Mamlakat iqtisodiyotida salmoqli o‘rin tutadigan avtomobil transporti uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiladi. Buni NKMK avtokorxonalari misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Markaziy kon boshqarmasining 7-avtokorxonasi bundan 46 yil muqaddam “Muruntov” koni, 2-gidrometallurgiya zavodi va boshqa bo‘linmalarga xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Hozirgi kunda 320 ga yaqin avtokranlar, avtogidroko‘targichlar, avtoag‘dargichlar, xavfli yuklarni tashishga mo‘ljallangan maxsus transport vositalari va yengil avtomobillarga ega mazkur avtokorxona jamoasi nafaqat MKB, zarurat tug‘ilganda Janubiy kon boshqarmasi, Shimoliy kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasiga ham xizmat ko‘rsatadi. Jamoaning asosiy vazifasi odamlarni va yuklarni xavfsizligini ta’minlagan holda belgilangan manzillarga yetkazishdir. Ishchi-xizmatchilar, muhandis-texnik xodimlar ishini to‘g‘ri tashkil etib, reja topshiriqlari bajarilishiga erishishda avtokorxona boshlig‘i Furqat Umarovning xizmati katta. Transport vositalarini talabnomalar asosida taqsimlash, ularning smena davomidagi harakatini GPS qurilmasi orqali nazorat qilish Nodir Dushanov boshliq foydalanish bo‘limi xodimlari va yoqilg‘i resurslari monitoringi byurosi operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.

автобаза №7

Avtokorxonada yosh kadrlarni tarbiya­lash masalasiga yetarli e’tibor berilayapti. Har yili oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini turli yo‘nalishlar bo‘yicha tugallagan yoshlar bo‘sh ish o‘rinlariga ishga qabul qilinmoqdalar. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini unumli va mazmunli o‘tkazish, ulardan ishlab chiqarish ilg‘orlari va jamoat ishlarida faollarini munosib taqdirlash Yoshlar ittifoqi avtokorxona boshlang‘ich tashkilotining diqqat markazida bo‘layapti.

Malakali mutaxassis Xurshid Jumayev bosh bo‘lgan 1-avtokolonnaga maxsus texnikalar jamlanganligi bois jamoa zimmasidagi vazifa alohida mas’uliyatli va murakkabdir. Nahim Tukbanov, Nabi Narzullayev, Zehniddin Shamsiyev, Ilhom Turdiyev, Amrillo Tukov, Chori Ravshanov kabi tajribali haydovchilarning sa’y-harakatlari tufayli oylik va kunlik topshiriqlar uddalanayapti.

2-avtokolonna ekskavator va burg‘ilash uskunalariga ehtiyot qismlar yetkazib berish hamda rudani ag‘darma va boshqa belgilangan joyga tashish bilan shug‘ullanadi. Avtokolonna boshlig‘i Anvar Oqilov xizmat vazifasiga vijdonan yondashadi va haydovchilardan ham shuni talab qiladi. Ilyosjon Yuldashev, Nurazm Boboyev, Shoxrux Egamov, Otabek Toshev singari haydovchilar topshiriqlar muntazam bajarilishiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

3-avtokolonna boshlig‘i Yorqin Ergashov jamoada topshiriqlar vaqtida uddalanishi, mehnat intizomini kuchaytirishga e’tibor beradi. Chunki avtokolonna haydovchilaridan ehtiyot qismlar, turli buyumlar va qurilish materiallarini manzillarga tashib berishdan tashqari xodimlarni xavfsizligini ta’minlagan holda ish joylariga yetkazish talab qilinadi. Fatullo Xalilov, Akbar Ro‘ziyev, Ro‘ziqul Qurbonov, Abduadi Abduazimov, Murodilla Jumayev, Zakirjon Davlatovlar ishda hamkasblariga o‘rnak bo‘lishayapti.

Alisher Razzoqov yetakchiligidagi yuk ko‘tarish mashinalari uchastkasida og‘ir yuklarni ko‘tarishga mo‘ljallangan 25 ta ulkan texnika vositalari mavjud. Qudratli avtokranlar va avtogidroko‘targichlardan 2-gidrometallurgiya zavodi va konlarda ishlatiladigan texnikalarni ta’mirlash, shuningdek, qurilish ishlarida keng foydalaniladi. Malakali avtomobil krani mashinistlari Sergey Kim, Abilkasim Izbanov, Sherali Orziqulov, Obiddin Jo‘rayev, Normurod Elmurodov, Anton Drozdov, Orifjon Lapasovlar halol mehnatlari tufayli avtokorxona jamoasida hurmat-e’tibor qozonishgan.

Oltinni uyumda ishqorlash sexi hududida joylashgan yuk ko‘tarish mashinalari va avtomobillarni ta’mirlash hamda foydalanish uchastkasida 22 tonnadan 140 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega “R&H” rusumli kranlar, “Iveco” manipulyatorlari, “MAN” rusumli texnik yordam ko‘rsatadigan maxsus avtomobil, “Toyota” yengil avtomobillari ekspluatatsiya qilinadi. Uchastka nafaqat 7-avtokorxona, balki Oltinni uyumda ishqorlash sexining ishlab chiqarish rejasi bajarilishida ham muhim o‘rin tutadi. Bunda boshliq Akmal Muhammadiyev va haydovchilardan Zokir Magdiyev, G‘olib To‘xtayev, Salim Muhammadiyev, Yuriy Lyax, O‘ktam O‘roqovlarning munosib hissalari bo‘layapti.

“Tashqo‘ra” koni bo‘linmalariga transport xizmati ko‘rsatish uchastkasi boshlig‘i Otabek Ibragimovning ishbilarmonligi uchastka jamoasining har qanday vaziyatda o‘z vazifasini to‘la bajarishiga imkon yaratayapti. Uchastka xodimlaridan Vohid Sharipov, Qamariddin Shamsiyev, Erkin Rasulov, Yuriy Sherbakovlarning fidokorona mehnatlarini e’tirof etish lozim.

Turli nosozliklari bo‘lgan avtotransport vositalari mashina-mexanizmlarni ta’mirlash uchastkasida sozlanadi. Avtokorxona bosh muhandisi Jasur Sobirov va ushbu uchastka boshlig‘i Olim Sultonovlar rejali ogohlantiruvchi ta’mirlashni o‘z vaqtida o‘tkazilishini qat’iy nazorat qilayotganligi tufayli transport vositalari agregat va mexanizmlari muddatidan ilgari ishdan chiqishining oldi olinmoqda. Uchastkaning Mustafo Zoyirov, Erkin Zayniddinov, Behzod Gadanov kabi mutaxassislari mahoratlarini oshira borish barobarida Doston Ne’matov, Jasur Mamidov kabi yosh kadrlarga kasb sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatib kelmoqdalar.

NKMKning 60 yilligini munosib kutib olish yuzasidan avtokorxonada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Transport xodimlariga qulaylik yaratish uchun mashina-mexanizmlarni ta’mirlash sexi avtokorxona hududiga ko‘chirib kelindi. Jamshid Temirov boshchiligida Inoyat Xolov, Nurali Malikov, Eldos Eskarayev, Muhriddin Jumaqulov, Ilyos Botirov kabi o‘z ishining ustasi bo‘lgan jonkuyar xodimlardan tuzilgan maxsus brigada shu ishga jalb qilindi. Ilgari ta’mirlash uchastkasi avtokorxona hududidan olti kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, ta’mirtalab avtotransportlarni shatakka olib, u yerga tortib borish uchun qo‘shimcha vaqt va yoqilg‘i-moylash materiallari sarf bo‘lar, turli noqulayliklar tug‘ilardi. Endilikda shunday ortiqcha xarajatlarga barham berilayapti. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, avtokorxonada joriy yil boshidan buyon keng ko‘lamda qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda. 2 ming kvadrat metr maydonda avtomobillar qo‘yish uchun ayvon, akkumulyator batareyalari, radiator, agregat, ichki yonuv dvigatellarini ta’mirlash, elektr sexlari qurilib, transport vositalaridan foydalanish, texnika, tibbiyot, rejalashtirish bo‘limlari xonalari rekonstruksiya qilindi. Kam yoqilg‘i sarflaydigan va har tomonlama qulay “UAZ” rusumli tez tibbiy yordam mashinasi, KamAZ, “MAN” rusumli maxsus avtomobil va avtoag‘dargich, 6 ta “Isuzu” avtobusining xarid qilinganligi quvonchli hol, albatta. Kasb bayramini buyurtmalarni bajargan holda kutib olayotgan avtokorxona ishchi-xizmatchilari, muhandis-texnik xodimlari g‘ayrat-shijoat bilan ishlab, mehnat yutuqlarini yanada ko‘paytiradilar.

Ravshan G‘AFFOROV,

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi

MKB 7-avtokorxona boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi.

Mavzuga oid yangiliklar

QUTLUG‘ YO‘LDA YO‘LBOSHCHINGGA YELKADOSH BO‘L

13.09.2017 10:41 1705

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

28.09.2017 08:36 1534

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

28.09.2017 08:41 1479

YOZ-2017 NATIJALARI YAKUNLANDI

28.09.2017 09:52 1154

YOSHLAR BILAN ISHLASH – IFTIXOR VA DARKOR

02.10.2017 09:32 1096