ZAMON BILAN HAMNAFAS

Batafsil: Yaratildi: 13.09.2018 14:18 Tahrirlandi: 13.09.2018 14:19 Ko'rishlar soni: 859

ЦРУ геологи

Konchilik mamlakat iqtisodini yuksaltirishning yetakchi tarmoqlaridan biridir. Soha rivoji ko‘p jihatdan joylarda geologiya xizmati qay darajada tashkil etilganligi, fidoyi kasb egalari – geologlar ishining ko‘lami va samaradorligiga ham bog‘liqdir. Chunki geologlar yer osti tabiiy boyliklari zaxiralarini qidirib topib, soha istiqboliga hamda shu bilan daxldor tarzda sanoat korxonalarida ishlab chiqarish maromi ta’minlanishiga mustahkam poydevor yaratishadi. Mustaqillik bayrami arafasida Markaziy kon boshqarmasi bosh geologi S.Rahimov bilan suhbatlashdik. U kon boshqarmasi xazinatoparlari amalga oshirayotgan ishlar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.

ЦРУ главный геолог

Kon boshqarmamiz geologiya xizmati konlar topilgunga qadar joyni tasvirga olish, geologik qidiruv, baholash, kon ochilgan vaqtdan boshlab esa uning parametrlarini belgilash, qayta ishlash texnologiyasini aniqlash, mineral resurslardan oqilona foydalanish va qayta ishlash majmualarini yetarli miqdorda, sifatli ma’dan bilan ta’minlash asosida korxonalarning mineral xomashyo bazasini kengaytirish kabi keng qamrovli ishlarni amalga oshiradi. Boshqacha aytganda, geologiya xizmati Markaziy kon boshqarmasida qimmatbaho metall ishlab chiqarish bo‘yicha davlat buyurtmasi bajarilishida muhim o‘rin tutadi. MKBning geologiya xizmati “Muruntog‘”, “Auminzo-Amantoy” konlari, “Muruntog‘” shaxtasi, 3- Geologiya qidiruv partiyasi, Gamma-faollashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasi geologiya byurolaridan tarkib topgan bo‘lib, har bir bo‘linma faoliyati o‘ziga xos jihatlarga ega. Barcha bo‘linmalar geologlari o‘z vazifalarini sidqidildan ado etib kelmoqdalar. Konlardagi geologiya xizmatining asosiy maqsadi konni texnik jihatdan to‘g‘ri va maqsadga muvofiq o‘zlashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun konlar va ularning alohida qismlarini har tomonlama geologik o‘rganishdan iboratdir. Bu ishlar qazilma boyliklardan to‘la va kompleks foydalanishga qaratilgan.

Ayni paytda “Muruntog‘” koni 5-navbatini ishga tushirish, Oltinni uyumlab eritish sexida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasi qurilishi kabi investitsion loyihalarni ro‘yobga chiqarish yuzasidan ishlar qizg‘in boshlab yuborildi. “Muruntog‘” koni geologiya xizmati jamoasi zimmasiga yangi vazifalar yuklatilmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinatini rivojlantirishning 2026 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan investitsion loyihalar dasturida “Auminzo-Amantoy” konlari bazasida 5-gidrometallurgiya zavodini barpo etish belgilangan. “Shimoliy”, “Markaziy”, “G‘arbiy Amantaytov” konlari, shuningdek Amantaytov, Auminzotov, Dovgiztov ma’danli maydonlarning 30 dan ortiq kichik konlarining oksidli va sulfidli zaxiralari xomashyo bazasi bo‘ladigan mazkur qayta ishlash majmuasini 2022 yilning oxirigacha qurib bitkazish mo‘ljallanayapti. “Auminzo-Amantoy” koni bosh geolog byurosi xodimlari yuqorida sanab o‘tilgan konlarni atroflicha o‘rganish va kompleks baholashdek mas’uliyatli ish bilan shug‘ullanmoqdalar. Demak, yangi zavod uzoq yillar sanoatbop ma’dan bilan muvaffaqiyatli ta’minlanadi, deyishimizga to‘la asos bor.

“Muruntog‘” shaxtasi geologiya xizmati shaxta maydoni geologiyasini muntazam o‘rganib, kon-foydalanish ishlari natijasida olingan geologik ma’lumotlarni yig‘adi va umumlashtiradi. Geologik qidiruv ishlari konning geologik tuzilishi haqida dastlabki tasavvurni uyg‘otadi. Mustaqil ravishda shaxta maydonini geologik tasvirga olish, quduqlar burg‘ilash, gid­rogeologik ishlar, ma’dan qatlamlari, yo‘ldosh tog‘ jinslari va tektonik o‘zgarishlarni doimiy kuzatib borish ham shaxta geologlari zimmasida.

“Muruntog‘” konida qidiruv ishlari uchun geologik va burg‘ilash ishlarini amalga oshirish maqsadida bundan o‘ttiz besh yil muqaddam tashkil etilgan 3- Geologiya qidiruv partiyasi kon boshqarmasi qayta ishlash majmualarining xomashyo bazasini kengaytirishga xizmat qilmoqda. 3-GQP “Muruntog‘” konida chuqurligi ming metrgacha bo‘lgan geologik qidiruv quduqlarni, “Muruntog‘”, “Auminzo-Amantoy”, “Tashqo‘ra” konlari tasarrufidagi omborlar va ag‘darmalarda burg‘ilash ishlarini bajarishga mo‘ljallangan eng zamonaviy burg‘ilash uskunalari bilan ta’minlangan. Geologiya qidiruv partiyasi jamoasi har yili beshta ob’yektda burg‘ilash, namuna olish, hujjatlashtirish ishlarini amalga oshirishdan tashqari chuqurligi 20 ming metrdan ortiq bo‘lgan kolonkali va kernsiz qidiruv quduqlarini o‘rganmoqda. Bu raqamlar yildan-yilga oshib borayapti.

ЦРУ геологи2

Gamma-faollashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasi 1976 yilda “Muruntog‘” konining oltinni tahlil qilishga bo‘lgan ehtiyoji tufayli tashkil etilgan. Bugungi kunda laboratoriyada nafaqat Navoiy kon-metallurgiya kombinati, balki boshqa tashkilotlarning ham tahlillar buyurtmalari bajarilmoqda. Laboratoriyada yiliga milliondan ortiq namunalarga ishlov berilmoqda va tahlil qilinmoqda. Qirq yildirki, Gamma-faollashtirilgan tahlil markaziy laboratoriyasi jamoasi ishlov berish va tahlilni yuqori aniqlik bilan sifatli bajarib kelmoqda. Bu, notekis taqsimlangan oltindan namuna olish bilan bog‘liq qiyinchiliklarni hal qilish imkonini beradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bir xil sifatli sharoitda gamma-faollashtirilgan tahlil probirli tahlildan 9 barobar arzon usuldir. Markaziy kon boshqarmasi uchun ko‘p miqdordagi namunalarni tez, yuqori aniqlikda tahlil qilish alohida ahamiyat kasb etadi. Joriy yilda GFTMLda texnik qayta jihozlash, tezlatgichlarni modernizatsiyalash va yangilash ishlari amalga oshirilmoqda. Namuna tayyorlash masalalarini yanada sifatli bajarishni ko‘zlab 2019 yilda zamonaviy avtomatik maydalash-saralash uskunasini olish va o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Imkoniyatdan foydalanib, Markaziy kon boshqarmasi geologiya xizmati oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishiga “Muruntog‘” koni bosh geologi Tursun Tolibov, bosh geolog o‘rinbosari Feruz G‘aniyev, geologlari Burxon Toshov, Igor Strigin, Rafiq Rustamov, “Auminzo-Amantoy” koni bosh geologi Hasanboy Nakibov, geologi Shuhrat Karimov, “Muruntog‘” shaxtasi bosh geologi Erkin Sayidov, geologi Jo‘rabek Jeyranov, 3-Geologiya qidiruv partiyasi bosh geologi Rimma Axmadullina, geologi Hasan Astanayev, kon boshqarmasi bosh geologining o‘rinbosarlari Bahodir Xo‘jamov, Kamol Chiniqulovlar munosib hissa qo‘shayotganliklarini ta’kidlamoqchiman. Ahil jamoamiz bundan buyon ham faoliyatini zamon bilan hamnafas tarzda olib boraveradi.

Suhbatni

Nizomiddin SADRIDDINOV

yozib oldi.

Viktor YAKOVLEV olgan suratlar.

Mavzuga oid yangiliklar

QUTLUG‘ YO‘LDA YO‘LBOSHCHINGGA YELKADOSH BO‘L

13.09.2017 10:41 2001

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

28.09.2017 08:36 1818

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

28.09.2017 08:41 1791

YOZ-2017 NATIJALARI YAKUNLANDI

28.09.2017 09:52 1409

YOSHLAR BILAN ISHLASH – IFTIXOR VA DARKOR

02.10.2017 09:32 1335