Ona tilim – jonu dilim!

Batafsil: Yaratildi: 18.10.2021 14:58 Tahrirlandi: 20.10.2021 13:15 Ko'rishlar soni: 181

12 октября

21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. Bu sana yurtimizda ulug‘ bayram sifatida keng nishonlanadi.

Ona tilimiz nufuzi tobora yuksalib borayotgani ijod ahlini tilimizni ulug‘lashga, betakror satrlar orqali madh etishga chorlamoqda. Bu yorqin mavzu qadrdon hamkasblarimizni ham ilhomlantirdi. Bu shukuh yangi, betakror satrlar yaratishga to‘rtki berdi. 

Bayram arafasida tahririyatimizga kelib tushgan hamda iftixorga yo‘g‘rilgan hamkasblarimiz ijod namunalarini sizlarga ham tuhfa etishni lozim topdik.

NKMK Matbuot markazi.

ONA TILIM

Ona tilim - jon tilim,

Faxrda doim eling.

Butun dunyo tan oldi,

Nurafshon bo‘lsin yo‘ling.

 

Bobolarim ruhi shod,

Shaʼning ulug‘ dunyoda.

Sen topaver ehtirom,

Oshsin qadring ziyoda.

 

Mag‘rurdir doim boshim,

Madhing jo‘shib kuylayman.

Olam uzra hamisha,

Taʼrifingni suylayman.

 

Baxtiyor, baxtli avlod,

Ona tilin bilsin toj.

Qadr topib hayotda,

Topaver doim rivoj.

 

Meros bilsin yosh avlod,

O‘z tarixin, ajdodin.

Beqasam to‘n, belbog‘in,

Hamda Fitrat, Cho‘lponin.

 

Atlas kuylak, do‘ppida,

O‘zligimni anglayman.

Iftixor-la men shodon,

Bayramingda yayrayman!

Nodira UMAROVA,

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi muhandisi.

 

BAYRAM BUGUN...

Bayram bugun buyuk bir elda,

Quvonch jo‘shar yanada dilda.

Ona tilim yashayver mangu,

Hayotimda hamda ko‘ngilda.

 

Sening bir-la topdim dunyoni,

Va angladim yorug‘ dunyoni.

Yo‘llarimni yoritguvchi nur,

O‘ngimda ham topdim ro‘yoni.

 

Hayotimni nurafshon etding,

Baxsh aylading onajon tilni.

Sening bir-la orzuga yetdim,

Topa oldim kelajak yo‘lni.

 

O, jarangdor, ey, o‘zbek tilim,

Olam o‘zra sen cho‘zaver buy.

Mag‘rurlansin hur, ozod elim,

Yurtda bugun bayram, katta to‘y.

 

Sen tufayli faxr etgum doim,

Ona tilim g‘urur, orimsan.

Ravnaq topgan, deyman ilohim,

Yo‘lchi yulduz, iftixorimsan. 

Dildora KARIMOVA,

Markaziy kon boshqarmasi axborot xizmati muharriri.

 

IFTIXOR

Ona tilim – duru marjonim,

Sen borsanki, tirikdir shu el.

Sening birla yorug‘ jahonim,

Iftixorga to‘ladi ko‘ngil.

 

Davlat tili maqomin olding,

Rivojlanish yo‘lidansan sen.

Dilga g‘urur va quvonch solding,

Har o‘zbekning dilidasan sen.

 

Xalqim olar sendan tafakkur,

Dunyo bo‘ylab taralmoqdasan.

Ona tilim cheksiz tashakkur,

Yana qayta yaralmoqdasan.

 

Buyuk allomalar seni yaratdi,

Ulkan bir xazina, bebaho meros.

Dovrug‘ing elaro mangu taratdi,

Bugun ajdodlarim maqtovlarga xos.

 

Kunlar kelib, senga tosh otdi,

Lek, nufuzing saqlab qolding sen.

Kimlar sening shaʼningni sotdi,

O‘z obro‘ying oqlab qolding sen.

 

Sinovlarni yengib mardona,

O‘tding qancha yo‘llarni bosib.

Ajdodlardan mangu nishona,

Sen doimo elga munosib.

 

Yangrayapsan bugun baralla,

Shaʼning ulug‘ jumla-jahonda.

Qalbimga yaqindir betakror alla,

Qadr topmoqdasan O‘zbekistonda.

Shahnoza SULAYMONOVA,

3-avtokorxona xodimi.

 

SHONIM MENING

Ona tilim – shuhratu shonim,

Mag‘rurlikni menga baxsh etgan.

Yurt bag‘rida o‘tar har onim,

Menga yashash, ulug‘ baxt tutgan.

 

Chorlamoqda buyuk Istiqlol,

Kelajakka yetaklovchi yo‘l.

Menga bergin istiqbol, iqbol,

Hayotimga maʼno, mazmun bo‘l!

Murod MAHMUDOV,

Janubiy kon boshqarmasi ishchisi.

 

BIR SO‘ZDIRKI....

Bir so‘zdirki, ko‘nglim tubida,

Tilga chiqmay, qiynab yotibdi.

Ne qilayki, tushunmas hech kim,

Ko‘z ilinmay, tonglar otibdi.

 

Bir so‘z topsam, yondirsa dilni,

Halovatim olib ketsa ham.

Taskin bo‘lib, ko‘ygan ko‘ngilni,

Hayajonga solib ketsa ham.

 

Bir so‘z bo‘lsa, o‘ksik qalb uchun,

Bir chimdimcha quvonch berolsa.

Yuragimni siqqan dard uchun,

Malham bo‘lib, mangu turolsa.

 

Bir so‘z topsam, ming bitta so‘zni,

Bitta o‘zi o‘rnin bosolsa.

Hayotimdan g‘amni o‘chirib,

Menga doim sherik bo‘lolsa.

 

Bir so‘z bo‘lsa, sog‘inganlarga,

Visol sari, zarrin yo‘l bo‘lsa.

Armonlarni o‘ldirib birdan,

Oshiqlar ham baxt sari yursa.

 

Bir so‘z bo‘lsa,yondirguvchi so‘z...

Munira TOG‘AYEVA,

Markaziy kon boshqarmasi xodimi.

 

ONA TILIM

Qoshg‘ariy, Navoiy ulug‘lagan til,

Betakror sayqalu jilo olgan til,

Bizga ajdodlardan meros qolgan til,

Faxr etgum, u birla go‘zaldir hayot,

Ona tilim yasha mangu, barhayot!

 

Ajdodlar ardoqlab, yurakda tutdi,

Tarix suronidan opichlab o‘tdi,

Elimki, kun kelib orzuga yetdi,

Ona til - davlat til maqomin oldi,

Bu qaror dillarga quvonchni soldi.

 

Millatim g‘ururi, shuhratu shonim,

Munchoqdek tizilgan go‘zal marjonim,

Yashnagay hur, Yangi O‘zbekistonim,

Qadringdan shukuhga to‘ladi yurak,

O‘zlikka qaytganing bo‘lsin muborak!

 

Buyuksan, shukuhing o‘ziga tortar,

Jarangdor ohanglar so‘ziga tortar,

So‘ylasak, kuylasak zavqu shavq ortar,

Sen shunday maftunkor, jilvakor tilsan,

Xalqimga nurafshon kelajak yo‘lsan.

 

BMT minbardan yangraganda soz,

O‘zbekona so‘zlar etganda parvoz,

Dunyo ahli bo‘ldi bunga jo‘rovoz,

Ona tilimizki, shunday buyukdir,

Xalqimga hamisha aziz, suyukdir!  

 

Qadring oshib borar, tan olar ellar,

Bunday eʼtirofdan masrurdir dillar,

Seni chorlamoqda nurafshon yo‘llar,

Ey, ona zabonim eʼzoz tufayli,

Bu ro‘yi zaminda rivoj top mayli.

 

Ildizing baquvvat, zaminni tutgan,

Dovrug‘ing yuksalib, ko‘klarga yetgan,

Olamni o‘ziga mahliyo etgan,

O, ona tilimning sehri o‘zgacha,

Xalqimning unga-da mehri o‘zgacha.

 

Konchi, metallurgga iftixor, chiroy,

Kunduzi quyoshsan, kechalari oy,

Taʼrifga so‘z ojiz, maqtovlarga boy,

Ulug‘san, qudratsan, buyuksan, zo‘rsan,

Qalbimga tafakkur, ko‘zimga nursan.

 

Ajdodlardan meros hamda ulug‘vor,

Shaʼningdan har doim ko‘ksimda viqor,

Yutuqlar, marralar, niyatlarki yor,

Sof o‘zbek tilimga qilaylik havas,

Jahonda zalvorli jaranglasa bas!

Abdumajid JO‘RAYEV.

Mavzuga oid yangiliklar

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

28.09.2017 08:36 7601

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

28.09.2017 08:41 7109

YOZ-2017 NATIJALARI YAKUNLANDI

28.09.2017 09:52 4025

YOSHLAR BILAN ISHLASH – IFTIXOR VA DARKOR

02.10.2017 09:32 3856

SHAXSIY NAMUNA – ENG YAXSHI NAMUNA

02.10.2017 09:34 3174



KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

KOMBINAT MAHSULOTINING YUKSAK E’TIROFI

Yevropa Sifat tadqiqotlari jamiyati dunyoning ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot va oliy ta’lim muassasalarini xalqaro sifat talablari darajasidagi faoliyati…

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

BUTUNJAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI NKMK IXTIROCHILARINI OLTIN MEDAL BILAN TAQDIRLADI

Biz Navoiy kon-metallurgiya kombinati jahonda o‘ziga xos nufuzga ega ekanligini hamisha faxrlanib gapiramiz. Yaqinda korxona mutaxassislarining konchilik sohasidagi…

Yangiliklarga obuna bo'lish